"Bu taklif xolos". Qashqadaryo hokimligi talaba qizning chiqishi haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi

Viloyat hokimligi talaba qizning chiqishi turlicha talqin qilinayotganini aytmoqda

Foto: Videodan lavha<br>

Foto: Videodan lavha

Qashqadaryoda talaba nooʻrin tanqidlarga javob qaytaruvchi blogerlar jamoasi tuzishni taklif qilgani, shundan soʻng ushbu talaba qiz viloyat hokimi Murodjon Azimov tomonidan viloyat hokimligiga ishga qabul qilingani haqida xabar berilgan edi. Mazkur holat jamoatchilik orasida koʻplab muhokamalarga sabab boʻlgach, viloyat hokimligi mazkur masalaga munosabat bildirdi.

“Talaba qiz sohaga qiziquvchi koʻngilli talaba-yoshlardan iborat “Yosh blogerlar” jamosini tuzish va ular uchun zarur boʻladigan moddiy-texnika vositalari bilan taʼminlash taklifini bildirdi. Shu joyda viloyat hokimi taklif yuzasidan biror fikr bildirgan emas. Qizning taklifiga eʼtibor bersangiz, “AOKA viloyat boshqarmasi qoshida tashkil etsak”, degan jumlalar bor. Bu taklif, xolos”, — deyiladi munosabatda.

Qayd etilishicha, viloyat hokimi talaba-qizning boshqa masalalarda ham bergan fikrlari, muloqot davomida faol boʻlganligini hisobga olib, viloyat hokimligiga ishga qabul qilishini aytgan. Yaʼni, agar talaba ishga qabul qilingan taqdirda ham lavozimi doirasidagi ishni olib boradi. Masalan, hokimlikning ijtimoiy boʻlimiga ishga oʻtsa, taʼlim va sogʻliqni saqlash sohasida, turizm boʻlimiga ishga oʻtsa, turizm sohasini rivojlantirish borasida ish olib boradi.

Xabarda aytilishicha, viloyat hokimi tomonidan talaba-qizga ish taklif qilingani – yoshlarga berilayotgan eʼtibor, ularning intilish, tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash va shu orqali, boshqa yoshlarga ham motivatsiya berishdan iborat boʻlgan.

Maʼlum qilinishicha, joriy yilning 11 oyi davomida hozirda talaba sifatida kunduzgi boʻlimda oʻqiyotgan 3 mingga yaqin yoshlarni ishga joylashtirilgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling