Foto: Cilonzor tumani hokimligi matbuot xizmati
Ijtimoiy tarmoqlarda “Abu saxiy” buyum bozoridagi koʻp qavatli avtoturargohda mashina yonib ketgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Chilonzor tumani hokimligi matbuot xizmati mazkur holat yuzasidan rasmiy maʼlumot berdi.
Qayd etilishicha, 27-oktabr kuni soat taxminan 06:52 larda “Toshkent savdo markazi” hududida joylashgan koʻp qavatli avtoturargohning 5-qavatida Orlando mashinasining dvigatel qismida texnik nosozlik sababli qisqa tutashuv boʻlgan. Natijada mashina kapot ostidagi elektr simlarida yongʻin kelib chiqqan.
Foto: Cilonzor tumani hokimligi matbuot xizmati
Mazkur holat “Toshkent savdo markazi” Yongʻin xavfsizligini taʼminlash xodimlari tomonidan soat 7:10 larda toʻliq bartaraf etilgan. Yongʻin oqibatida hech kimga zarar yetmagan, shuningdek, bino va atrofdagi boshqa mashinalarga ham zarar yetkazilmaganligi aniqlangan.
Foto: Cilonzor tumani hokimligi matbuot xizmati
Chilonzor tumani FVB masʼullarining maʼlumotiga koʻra bu yongʻin haqida Toshkent shahar FVBga xabar kelib tushmagan. Hozirda tuman FVB tomonidan avtoturargohda yongʻin sabablari va yongʻin xavfsizligi holatlari tekshirilmoqda.
Avvalroq, Samarqand viloyatining Toyloq tumanida dvigatel qismida qisqa tutashuv sodir boʻlishi ortidan Damas avtomashinasi yonib ketgani haqida xabar berilgan edi.