Foto: Sog'liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati
Fargʻona viloyati Rishton tumanida kaltaklangan shifokor holati Sogʻliqni saqlash vazirligi nazoratiga olindi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar bermoqda.
Avvalroq, Rishton tumanida tez yordam xodimi keltaklangani haqida xabar berilgan edi.
Unga koʻra, 12-noyabr kuni soat 04:00 larda Fargʻona viloyati, Rishton tumani, “Oqtomir” MFY hududida yashovchi fuqaro tez tibbiy yordam boʻlimiga qoʻngʻiroq qilib, 80 yoshli otasining sogʻligʻi yomonlashganini aytgan.
Tez yordam xodimlari fuqaroning yashash xonadoniga borib, bemorga birinchi tibbiy yordam koʻrsatib, uning qon bosimi koʻtarilgani sababli tuman markaziy shifoxonasiga olib ketayotgan vaqtlarida bemor vafot etgan.
Otasining vafot etganidan gʻazablangan fuqaro va uning oʻgʻli tez yordam xodimini urib, unga tan jarohati yetkazgan. Tez yordam shifokori olgan jarohati sababli shoshilinch tibbiy yordam boʻlimiga yotqizilgan.
Sogʻliqni saqlash vazirligining xabariga koʻra, tegishli tibbiy tekshiruvlardan soʻng unga oʻng koʻz orbitasi medial devori oʻrta va orqa yuzasi sinib siljishi, gemosinus, chap orbita medial devori deformatsiyasi, burun toʻsigʻi qiyshayishi, oʻng koʻz olmasi kontuziyasi, toʻrparda angiopatiyasi, oʻng qosh sohasi yirtilgan, oʻng koʻz qovoqlari lat yeyishi dastlabki tashxisi qoʻyilgan.
Shuningdek, vazirlik ushbu holatni oʻz nazoratiga olganini va hozir bemor-shifokorning ahvoli qoniqarli, tegishli davo muolajalari davom ettirilayotganini maʼlum qilgan.
Mazkur holat yuzasidan Rishton tuman IIB huzuridagi tergov boʻlinmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 1-qismi (bezorilik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling