Rasul Kusherbayevdan so'ng Nuriddin Zaynitdinov ham deputatlik faoliyatini yakunlashini ma'lum qildi

U Kusherbayev bilan boʻlgan holatni qoralagan

Rasul Kusherbayev deputatlik faoliyatini yakunlagani haqida xabar berilgan edi. Mazkur holatni Nuruddin Zaynitdinov qoraladi va u ham deputatlik faoliyatini yakunlashini maʻlum qildi.

“Qachongacha deputatlar ogʻzini yopish, qasddan ularni pozitsiyasini bildirishiga qarshiliklar boʻladi?

Deputatlarni bosim boʻlsa, hamma jim… Deputatlarni qamamoqchi boʻlsa, hamma jim… Deputatlarni taqib qilsa, hamma jim… Mahalliy kengash deputatlari daxlsizligi bir tuman bilan cheklansa, xamma jim… Oliy Majlis Qonunchilik palatasida deputatga kafolatlangan soʻz berilmasa, xamma jim…

Gapirma! Indama! Aralashma! Qachongacha bundan gaplarni eshitamiz?! Deputatning gapirishdan boshqa nimasi qolmoqda? Endi shungayam yoʻl berilmasa…”, — dedi deputat Zaynitdinov.

Shuningdek, deputat oʻz hamkasbi Rasul Kusherbayevni toʻliq qoʻllab-quvvatlashini taʻkidlagan.

“Deputat boʻlib, emin-erkin deputatlik qilolmaydigan sharoitda ishlab boʻlmaydi.

2022-yilning oʻzida 2-3 marotaba menga boʻlgan bosimlar va noqonuniy ishlarning aybdorlariga shu kungacha chora ham koʻrilmadi. Oilamgacha, qarindoshlarimgacha taʼqib va bosim qilishga borishdi…”, — deya yozgan u.

Nuriddin Zaynitdinovning qayd etishicha, u ham mahalliy kengash deputatligidan ketishga qaror qilgan.

“Bu qaror vaqt masalasi edi… Yaxshi-yomon gaplarga rozi boʻlinglar. Mening faoliyatimni qoʻllab-quvvatlab kelgan xalqimizga hurmatim cheksiz. Agar ishonchingizni oqlay olmagan boʻlsam, ming bor uzr soʻrayman. Bunday qaror qabul qilganimdan afsusdaman, bu oson boʻlmadi”, — deydi deputat.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling