Foto: Tez News
Bir muddat oldin Sirdaryo viloyati Malik aholi punktidagi Mudofaa vazirligi omborida yakka tartibda portlash sodir bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi sodir bo'lgan portlash oqibatida jabrlanganlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, Sirdaryo tumani, Malik aholi punktida Mudofaa vazirligi omborida yuz bergan portlash haqida soat 05:01 da tuman tez tibbiy yordam bo‘limiga xabar kelib tushgan.
Shundan so‘ng ushbu hodisa natijasida shikastlangan 16 nafar bemorning 12 nafari Sirdaryo tumani tibbiyot birlashmasiga olib kelingan. Barcha jarohat olganlarga zudlik bilan birinchi yordam ko‘rsatilgan.
Xususan, 5 nafar fuqaro Sirdaryo tuman tibbiyot birlashmasining shoshilinch tibbiy yordam bo‘limida, 7 nafar bemorga esa ambulator yordam ko‘rsatilgan. Shuningdek, 4 nafar bemor Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Sirdaryo filialida stasionar kuzatuvga olingan.
Ma'lum qilinishicha, jabrlanganlar orasida jiddiy jarohat olgan va og‘ir ahvoldagi bemorlar yo‘q. Shunindek, RSHTYOIM va uning Sirdaryo filialidan malakali shifokorlar Sirdaryo tuman tibbiyot birlashmasiga safarbar qilingan.
Shu bilan birga, Sirdaryo viloyati hokimligining xabariga ko‘ra, portlash sodir bo‘lgan hududga yaqin joylashgan bir nechta aholi xonadonlari va do‘konlarning oynalari singan, binolarning ayrim yengil konstruksiyalariga ham zarar yetgan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling