Foto: SSV
Andijon viloyatida Isuzu yoʻlovchi avtobusi va yuk mashinasi orasida o;zaro toʻqnashuv sodir boʻlgani haqida xabar berilgan edi. Sogʻliqni saqlash vazirligining maʼlum qilishicha, hodisa oqibatida jarohatlangan fuqarolar vazirlik nazoratiga olingan.
Qayd etilishicha, 26-noyabr kuni ertalab soat 8:10 larda A-373 Toshkent-Oʻsh-Andijon avtomagistralining 389-390- kilometrlari oraligʻida “Isuzu” avtobusi va “Fura” yuk mashinasi toʻqnashib ketgan.
Sogʻliqni saqlash vazirligi hududiy boshqarmasi maʼlumotiga koʻra, toʻqnashuv natijasida jami 41 nafar fuqaro jarohat olgan, shulardan 3 nafari voqea joyida vafot etgan.
38 nafar yoʻlovchi turli xil jarohatlar bilan Boʻston tuman tibbiyot birlashmasi shifoxonasiga olib kelingan. Ularning holati zudlik bilan Sogʻliqni saqlash vazirligi nazoratiga olingan.
Bemorlardan 3 nafarida ushbu ixtisoslashgan brigadalar tomonidan jarrohlik amaliyoti bajirilgan. Barcha jabrlanganlar birlamchi tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, jarohat ogʻirligiga koʻra, Boʻstondan Shahrixondagi qoʻshma shikastlanishlar markaziga 17 nafari, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filialiga 10 nafari “Tez yordam” mashinalari orqali yetkazilgan.
Xabarga koʻra, ayni paytda ularga Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori boshchiligida voqea joyiga tezkor yetib borgan brigadalar tomonidan tegishli davolash standartlari asosida chuqurlashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatilmoqda.
“Hozir Boʻston tumani shoshilinch tibbiy yordam boʻlimida 11 nafar bemor davolanayotgan boʻlib, ulardan 3 nafarida jarrohlik operatsiyalari oʻtkazildi”, — deyiladi xabarda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling