Foto: Instagram
Ijtimoiy tarmoqlarda uning odob-axloq qoirdalariga zid ravishda tasvirga olingan videosi tarqalib, jamoatchilikda keng muhokamalarga sabab boʻlgani tufayli Instagramda “Sevinchka” taxallusi ostida ijod qiluvchi bloger besh sutkaga qamalgani haqida xabar berilgan edi. Toshkent shahar sudlarining maʼlum qilishicha, mazkur ish apellyatsiya instansiyasida koʻrib chiqib, blogerga belgilangan jazo yengillashtirilgan.
Qayd etilishicha, 15-noyabr kuni Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati apellyatsiya instansiyasida blogerga oid ish yuzasidan chiqarilgan sud qaroriga huquqbuzar tomonidan berilgan apellyatsiya shikoyati koʻrib chiqilgan.
Maʼlum qilinishicha, ayblanuvchi apellyatsiya shikoyatida, hozirgi kunda qilgan ishidan pushaymonligi bildirib, sud qarori bilan tayinlangan jazoni yengillashtirishni soʻragan.
Apellyatsiya instansiyasi sudi shikoyatda keltirilgan vajlarni oʻrganib chiqilgan. Natijada maʼmuriy javobgarlikka tortilgan blogerga nisbatan jazo tayinlashda, shaxsini, yoshini, ayolligini, bir nafar voyaga yetmagan farzandi borligi va qilmishidan pushaymonligini inobatga olib, birinchi instansiya sudi qarori bilan tayinlangan maʼmuriy qamoq jazosini kam muddatdagi maʼmuriy qamoq jazosiga keltirishni lozim deb topgan.
Toshkent shahar sudining ajrimi bilan jinoyat ishlari boʻyicha Mirobod tuman sudining ayblanuvchiga oid qarori oʻzgartirilib, huquqbuzarga nisbatan insonparvarlik tamoyili qoʻllanilgan holda tayinlangan 5 sutka maʼmuriy qamoq jazosi 4 sutka maʼmuriy qamoq jazosiga keltirilgan.
Natijada maʼmuriy javobgarlikka tortilgan instabloger jazoni toʻliq oʻtagan deb hisoblanib, Toshkent shahar IIBB Maxsus qabulxonasidan ozod qilingan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling