Maktab o'quvchisini kaltaklagan direktor lavozimidan ozod etildi

Guvohlarning ta'kidlashicha, jabrlanuvchi bezorilikda ishtirok etmagan

Avvalroq, Samarqand viloyati Urgut tumanidagi maktablarning birida direktor oʻquvchini urgani va natijada uning quloq pardasi yirtilgani haqida xabar berilgan edi.

Xalq taʼlimi boshqarmasining xabar qilishicha, mazkur voqeadan soʻng maktab direktori lavozimidan ozod qilingan.

Ma'lum qilinishicha, voqea 12-oktyabr kuni taxminan soat 13:30 larda Urgut tumanida sodir bo'lgan.

Qayd etilishicha, tumandagi 61-maktabining 6-sinfida dars o‘tayotgan ona tili va adabiyot o‘qituvchisi koridorda direktorning ovozini eshitgach, bolalar darsga quloq solmasdan pirotexnika vositalarini portlatayotganidan shikoyat qilgan.

Maktab direktori sinf xonaga kirib, so'rab o'tirmasdan shu sinf o'quvchisini do'pposlab ketgan.

Guvohlarning ta’kidlashicha, jabrlanuvchi sinfdagi bezorilikda ishtirok etmagan.

"Samarqand viloyat xalq ta’limi boshqarmasi har qanday holatda ham o‘qituvchilarni o‘quvchilarga bo‘lgan agressiv munosabatlarini qoralaydi", — deyiladi rasmiy bayonotda.

Sodir bo'lgan voqeadan kelib chiqib, Urgut tumanidagi 61- umumta’lim maktabining direktori Samarqand viloyat xalq ta’limi boshqarmasining tegishli buyrug‘iga asosan lavozimidan ozod etilgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling