Toshkentda piyodaning o'limiga sabab bo'lgan YTH yuzasidan qo'shimcha ma'lumot berildi

Piyoda voqea joyida vafot etgan

Foto: IIBB matbuot xizmati<br>

Foto: IIBB matbuot xizmati

Toshkent shahrida yoʻl-transport harakati oqibatida piyoda halok boʻlgani haqida xabar berilgan edi. Ijtimoiy tarmoqlarda marhumning onasi tomonidan yoʻllangan videomurojaat tarqalib, jamoatchilikda keng muhokamalarga sabab boʻldi. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB rasmiy munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, voqea 2021-yilning 25-avgust kuni taxminan soat 20:00 larda sodir boʻlgan. Unga koʻra, 51 yoshli fuqaro oʻzining boshqaruvidagi “Nexia-3” rusumli mashinasida Mirzo Ulugʻbek tumani Temur Malik 2-darajali koʻchasi boʻylab harakatlanayotgan vaqtida yoʻlning belgilanmagan qismidan nomaʼlum “Matiz” avtomashinasi orqasidan chiqib kelgan 25 yoshli piyodani urib yuborgan.

Oqibatda piyoda voqea joyida vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgatilgan. Tergov jarayonida barcha zaruriy tergov harakatlari oʻtkazilgan.

Jumladan, sudga oid avtotexnik ekspertiza tayinlangan, 2021-yil 15-noyabr kunidagi xulosasiga koʻra, ushbu yoʻl-transport hodisasi vaziyatida “Nexia-3” rusumli avtomobil haydovchisi oʻz vaqtida keskin tormoz berish yoʻli bilan hodisani oldini olishni texnik imkoniyatiga ega boʻlmagan.

Tergov jarayonida haydovchining harakatlarida jinoyat alomatlari aniqlanmaganligi sababli jinoyat ishi Jinoyat protsessual kodeksining 83-moddasi (Reabilitatsiya uchun asoslar) 2-bandiga (uning qilmishida jinoyat tarkibi boʻlmasa) asosan jinoyat ishi harakatdan tugatilgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling