Qoraqalpog'istonda qachondan boshlab maktab o'quvchilarini bepul ovqat bilan ta'minlash boshlanishi ma'lum qilindi

O'quvchilarni bepul tushlik bilan ta'minlash maqsadida davlat budjetidan 200 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ ajratilgan

Foto: Repost.uz

Foto: Repost.uz

Qoraqalpogʻiston Respublikasi XTV maktablarda boshlangʻich sinf oʻquvchilariga bepul ovqat berish 11-noyabrdan boshlanishini maʼlum qildi.

Jarayonlar hukumatning tegishli nizomi buzilishi ortidan gʻolib deb topilgan lotlar bekor qilinishi oqibatida kechikkan.

Xabar berilishicha, 2022/2023 oʻquv yilida Qoraqalpogʻistondagi 716 ta taʼlim muassasalarida 143 ming 577 nafar boshlangʻich sinf oʻquvchilari keytering tashkilotlari tomonidan bepul oziq-ovqat bilan taʼminlanishi belgilangan. 

“Joriy yil 11-noyabr kuni oʻqish boshlanishi bilan barcha maktablarning boshlangʻich sinf oʻquvchilarini bepul tayyor oziq-ovqatlar bilan taʼminlash rejalashtirilgan”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o'tamiz, prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov masʼul shaxslar ishini sustlik uchun tanqid qilgan edi. O'quvchilarni bepul tushlik bilan ta'minlash maqsadida davlat budjetidan 200 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ ajratilganini aytilgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling