"Qishloqda yashayotgan aholiga ham yuqori darajadagi xizmat ko'rsatish davri keldi" — Ozodbek Nazarbekov qariyb 16 mlrd so'mlik yuk mashinalari haqida

Uning qayd etishicha mazkur mashinalar zamonaviy koʻrinishdagi “Xalqlar doʻstligi“ sanat saroyining kichraytirilgan bir sahnasi deyish mumkin

Oʻzbekiston Madaniyat vazirligi “Oʻzavtosanoat” tuzilmasiga kiruvchi korxonadan 15,5 mlrd soʻmga ikkita yuk mashinasi xarid qilgani haqida xabar berilgan edi. Mazkur xabarlar jamoatchilikda keng muhokamalarga sabab boʻlgan edi.

9-dekabr kuni Milliy matbuot markazida oʻtkazilgan tadbirda Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov mazkur avtomashinalar xaridi yuzasidan munosabat bildirdi.

“112-sonli qarorda Madaniyat vaziriga maxsus avtotransport xarid qilish topshiriq etib belgilangan va xarid uchun 20 mlrd soʻm pul ajratilgan edi. Biz uni talashib, bir nechta variantlar ichida tanlab, arzonlatib, narxni 15,5 mlrdga tushirdik va tashkil etdik“, — deydi Madaniyat vaziri.

Uning maʼlum qilishicha, mazkur mashinalar eng chekka hududlarga borgan taqdirda ham konsert tomoshalarini taqdim etish uchun 20 daqiqa vaqt ichida tayyor boʻladi. U transportda sahna, ekran, ovoz kuchaytirgichlar mavjud boʻlib, zamonaviy koʻrinishdagi ”Xalqlar doʻstligi“ sanat saroyining kichraytirilgan bir sahnasi deyish mumkin.

"Bunday xariddan maqsad shuki, eng chekka hududlarda ham sifatli xizmat koʻrsatish. Oddiy qora parda oldida yoki shiyponda turib, xira chiroqni yoqib qoʻyib konsert berish davri oʻtdi, menimcha. Bugun qishloqda yashayotgan aholiga ham yuqori darajadagi xizmat koʻrsatish davri keldi”, — deydi Ozodbek Nazarbekov.

Vazirning qoʻshimcha qilishicha, aholining saviyasi kundan-kunga oʻsib bormoqda.

“Odamlarimiz xohlasa eng rivojlangan davlatda boʻlayotgan namoyishlarni ham koʻrish imkoniyatiga ega. Xalqimiz eng yuqori darajada tashkil etilgan tadbirlarni ham tomosha qilyapti, dunyoni koʻryapti. Buni toʻgʻri tushunishimiz kerak. Lekin oddiy qora parda oldida yoki shiyponda turib berayotgan konsertimiz aholiga qiziqarli boʻlmayapti. Shuning uchun biz ham yuqori darajada xizmat koʻrsatish maqsadida sotib oldik”, — deya xulosa qilgan vazir.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling