Afg'onistonda yonilg'i yuk mashinasining portlashi oqibatida halok bo'lgan 83 kishining jasadi tunneldan olib chiqildi

Jasadlarning koʻpchiligini ogʻir kuyishlar tufayli tanib boʻlmaydi

Afgʻonistonning Parvon viloyatidagi Salang dovonida yoqilgʻi tashuvchi avtomobil portlashi oqibatida halok boʻlgan 83 kishining jasadi voqea sodir boʻlgan tunneldan olib chiqildi. Bu haqda mahalliy manbalarga tayanib “TASS” nashri xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, jasadlarning koʻpchiligini ogʻir kuyishlar tufayli tanib boʻlmaydi. Ayni damda butunlay yonib ketgan 40 ga yaqin avtomobil tunneldan olib chiqilgan. Portlash oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etayotgan qutqaruv guruhlari soni koʻpayganiga qaramay, tunnelni tozalash ishlari sekinlik bilan davom etmoqda.

Xabarda qayd etilishicha, Afgʻonistonda hokimiyatni qoʻlga olgan “Tolibon” harakati tomonidan tayinlangan mahalliy maʼmuriyat vakillari fojia koʻlamini kamaytirmoqda. Portlagan yoqilgʻi tashuvchi mashinadan tashqari tunnelda bir nechta koʻmir tashuvchi mashinalar yonib ketgan, natijada qurbonlar soni ortgan.

Avvalroq, Afgʻonistondagi tunnelda sodir boʻlgan yongʻin oqibatida 19 kishi halok boʻlgani haqida xabar berilgan edi.

Keyin esa, O'zbekiston TIV Afg'onistondagi tunnelda chiqqan yong'in yuzasidan bayonot berdi

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling