Shovot tumani hokimi hayfsan oldi

Jazo sababi sifatida ish faoliyati davomida oʻziga yuklatilgan vazifalarni lozim darajada bajarmagani koʻrsatilgan

Foto: Shovot tuman hokimligi matbuot xizmati

Foto: Shovot tuman hokimligi matbuot xizmati

Xorazm viloyati, Shovot tumani hokimi Odilbek Artiqov intizomiy jazoga tortildi. Viloyat hokimi Farhod Ermanov farmoyishiga koʻra, unga Mehnat kodeksining 181-moddasiga (intizomiy jazolar) asosan hayfsan intizomiy jazosi qoʻllangan.

Jazo sababi sifatida “Ish faoliyati davomida oʻziga yuklatilgan vazifalarni lozim darajada bajarmasdan, xizmat intizomini buzgani” koʻrsatilgan.

Farmoyishga Xorazm viloyati prokuraturasining 2022-yil 16-noyabrdagi intizomiy javobgarlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqidagi qarori va Odilbek Artiqovning tushuntirish xati asos qilib olingan.

Odilbek Artiqov 2022-yil mart oyidan buyon Shovot tumani hokimi sifatida ishlab kelmoqda.

Avvalroq, Xiva shahar hokimi mas'uliyatsizligi sabab jarimaga tortilgani xabar qilingandi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling