Foto: Teznews
Olmaliqdagi gʻisht zavod gaz hisoblagichlardagi onlayn modemni uzib, koʻrsatkichni “nol” qilib qoʻyib, gaz tarmogʻiga noqonuniy ulangani haqida xabar berilgandi.
Ijtimoiy tarmoqlarda “Toshkent viloyati prokurori gaz tarmog‘iga noqonuniy ulangan g‘isht zavodini o‘chirmaslikni so‘radi” mazmunidagi xabarlar yuzasidan Energetika vazirligi matbuot xizmati rasmiy ma'lumot berdi.
Ma'lum qilinishicha, Olmaliq shahrida joylashgan “Olmaliq g‘ishtchi” MCHJga qarashli g‘isht zavodi 2022-yil 29-noyabr kuni ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun gaz taʼminotidan uzilgan. Kuz-qish mavsumida aholi va ijtimoiy soha obyektlarini gaz bilan taʼminlash zarurati tufayli tabiiy gazdan foydalanishni vaqtinchalik taqiqlash doirasida ushbu korxonani tarmoqdan uzish belgilangan tartibda amalga oshirilgan.
Tekshiruv davomida ishchi guruh tomonidan mazkur xo‘jalik subyekti keyinchalik mahalliy gaz taʼminoti tashkiloti ko‘magida tabiiy gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulangani aniqlangan. O‘tgan davr mobaynida g‘isht zavodi tomonidan 118 282 metr kub tabiiy gaz noqonuniy foydalanilib, 118 mln so‘mlik zarar yetkazilgan.
Mazkur holat yuzasidan Olmaliq shahar prokuraturasi tomonidan 9-dekabr kuni “Olmalik g‘ishtchi” MCHJ va “Olmaliqshahargaz” filiali mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
"Tekshiruv davomida maʼlum bo‘lishicha, viloyat gaz taʼminoti tashkiloti rahbari prokuraturaga mazkur korxonaning faoliyat yuritishi zarurati to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilib, buni maʼlum eksportchilar ro‘yxatiga kiritilgani bilan izohlagan va bu haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Aniqlangan faktlar yuzasidan unga nisbatan ham tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda", deyiladi xabarda.
Ayni paytda Energetika vazirligi tomonidan Bosh prokuratura bilan yaqin hamkorlikda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq barcha aniqlangan faktlar bo‘yicha qatʼiy choralar ko‘rilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling