Toshkentda o'zini osib qo'ygan 12 yoshli qiz haqida qo'shimcha ma'lumot berildi

Qizning otasi 2 yil oldin vafot etgan, onasi esa Turkiyaga ishlashga ketgan

Foto: Xabar.uz<br>

Foto: Xabar.uz

Toshkent shahri Mirzo Ulugʻbek tumanidagi maktablardan birining oʻquvchisi boʻlgan qiz oʻzini hovlisidagi daraxtga osib, joniga qasd qilgani haqida xabar berilgan edi. Mirzo Ulugʻbek tumani hokimligi matbuot xizmati holat yuzasidan qoʻshimcha maʼlumot berdi.

Qayd etilishicha, 2022-yil 28-noyabr kuni taxminan 18:00 atrofida 241-maktab 7-A sinf oʻquvchisi Mirzo Ulugʻbek tumani Oltinpeta koʻchasi 203-uyda yashovchi 12 yoshli qiz oʻzining yashash hovlisidagi daraxtga oʻzini oʻzi osgan va vafot etgan.

Maʼlum qilinishicha, oʻquvchi notoʻliq oilada tarbiya olgan. Otasi 2 yil oldin kasallik bilan vafot etgan. Onasi ishlash uchun Turkiya davlatiga ketgan. Voyaga yetmagan qiz koʻrsatilgan manzilda 2 nafar akasi (biri oilali va ikkinchisi voyaga yetmagan) bilan birga yashashgan.

Xabarga koʻra, oʻquvchi 24, 26, 28-noyabr kunlari dars mashgʻulotlariga qatnashmagan, sababi oʻrganilganda oʻquvchining shamollagani aniqlangan. Oʻquvchi qiz qoʻshnilar tomonidan yaxshi tavsiflangan. Sinf rahbari va onasi oʻrtasida doimiy uyali aloqa orqali muloqot qilib turilgan. Oʻquvchilar bilan uning oʻrtasida hech qanday noxush holat kuzatilmagan.

“Hozirgi vaqtda tegishli tashkilotlar tomonidan ushbu holat atroflicha oʻrganilmoqda”, — deyiladi hokimlik xabarida.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling