Samarqandda o'quvchi qizning ko'ziga yetkazilgan jarohat ortidan maktab direktori va o'rinbosari ishdan olindi

Maktab amaliyotchi psixologi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan

Foto: Repost.uz<br>

Foto: Repost.uz

Samarqand viloyatining Toyloq tumanida oʻquvchining onasi “zamdirektor”ni kaltaklagani haqida xabar berilgan edi. Mazkur holat yuzasidan viloyat Xalq taʼlim boshqarmasi munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, holat Toyloq tuman xalq taʼlimi boʻlimi tomonidan oʻrganilgan. Aniqlanishicha, tumandagi 6-umumtaʼlim maktabida 17-noyabr kuni dars jadvaliga asosan birinchi soat 9-“A” sinfida ona tili darsi boʻlgan.

Xabarga koʻra, ona tili fani oʻqituvchisi darsda boʻlsada, geografiya oʻqituvchisi oilasida maraka borligi uchun iltimos qilib, oʻzaro kelishuvga koʻra, 2 ta sinfda ( 9-“A” va 9-“B” sinfida) parallel ravishda dars oʻtgan.

Soat 08:25 da 9-“B” sinfida geografiya darsini oʻtayotgan oʻqituvchi voqea sodir boʻlgan payt 9-“A” sinfiga topshiriq bergan. Nazoratsiz qolgan 9-“B” sinf oʻquvchilarining biri boshqasiga ruchkasini otgan, biroq, ruchka tasodifan boshqa bir qizning koʻziga tegib ketib uni jarohatlagan.

Shu paytda maktab hamshirasi va maktabning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari jabrlanuvchi oʻquvchini tez yordam kelishini kutmasdan yoʻl mashinasida Toyloq tuman tibbiyot boʻlimiga olib borgan va jabrlanuvchining ota-onasiga xabar bergan.

Toyloq tuman tibbiyot boʻlimi tez yordam boʻlinmasida bemorga zudlik bilan birinchi yordam koʻrsatilib, viloyat shifoxonasiga yuborilgan va jarrohlik amaliyoti oʻtkazilgan.

Jabrlanuvchining onasi 24-noyabr kuni ertalab soat taxminan 09:10 lar atrofida maktabga kelib, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosarining sochidan tortib, doʻppaslab urgan. Taʼkidlanishicha, jabr koʻrgan qizning onasi sodir boʻlgan hodisa haqida direktor oʻrinbosari unga oʻz vaqtida xabar qilmaganini iddao qilgan.

Ushbu holat yuzasidan olib borilgan oʻrganishlar natijasiga koʻra, maktabda dars paytida oʻquvchilar nazoratsiz qoldirilgani va oʻqituvchilarning oʻzaro dars almashishiga imkon yaratilganli uchun 6-umumtaʼlim maktabning oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari hamda maktab amaliyotchi psixologi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.

Shuningdek, mazkur maktab direktori oʻz arizasiga koʻra, lavozimidan ozod etilgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling