Foto: Videodan lavha
Qrimda tibbiyot yoʻnalishida oʻqib kelayotgan oʻzbekistonlik talabalar oʻqishni Oʻzbekistonga koʻchirishni soʻrab Shavkat Mirziyoyevga videomurojaat yoʻlladi.
Maʼlum qilinishicha, ular V.I.Vernadskiy nomidagi Qrim federal universitetining uchinchi bosqich talabalaridir. Murojaatga koʻra, talabalar va ularning yaqinlari mamlakat hududidagi xavfsizlik masalasidan xavotir olib, ularni oʻqishini Oʻzbekistondagi OTMlarga oʻtkazishda yordam soʻragan.
Murojaat yoʻllagan talabalarning biri, Rossiyaning Ukraina bilan chegaradosh viloyatlaridagi OTMlarda tahsil oluvchi talabalarning oʻqishini Oʻzbekistonga koʻchirishga ruxsat berilganida nega bu roʻyxatga Qrim kiritilmaganini soʻragan.
Aniqlanishicha, murojaat yoʻllagan talabalarning birini amakisi onlayn taʼlimga oʻtishga ruxsat berilmaganini maʼlum qilgan. Universitet rahbariyati esa talabalarga bu muammoning yechimini oʻzlari izlashi kerakligini taʼkidlagan.
Avvalroq, Davlat test markazi Rossiyaning Ukraina bilan chegaradosh Kursk, Bryansk, Belgorod, Voronej, Rostov va Krasnodar viloyatlaridagi oliy oʻquv yurtlarida tahsil oluvchi talabalar 1-noyabr kunidan Oʻzbekistondagi oliy oʻquv yurtlariga koʻchib oʻtish uchun hujjat topshirishlari mumkinligini maʼlum qilgan edi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling