Foto: Repost.uz
Toshkent viloyatida tadbirkorning 20 ming dollar va 50 mln soʻm pullarini firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritgani aytilayotgan shaxs aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departamenti xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Departamentning Ohangaron tuman boʻlimi tomonidan tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan tezkor tadbirlar oʻtkazilgan. Tekshiruvlar davomida, fuqaro “N.F” MCHJ rahbarining ishonchiga kirib, hujjatlarni qalbakilashtirish orqali oʻzini MCHJ rahbari etib tayinlagani aniqlangan.
Shuningdek, mazkur shaxs ushbu korxonaga qarashli binoni garovga qoʻyish orqali “S.S.” MCHJga tijorat banki filialidan 180 ming dollar kredit ajratilishiga erishgan. Buning evaziga “S.S.” MCHJ rahbarining 20 ming dollar va 50 mln soʻmini firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq, Toshkentda tadbirkorning 35 ming dollarini o'zlashtirgani aytilayotgan shaxs ushlangani haqida xabar berilgan edi.