Toshkentda erkak 6 yoshli qizchaga tegajog'lik qilgani haqidagi xabar yuzasidan rasmiy ma'lumot berildi

Sud aybi isbotlanmagunicha hech kimni aybdor hisoblamaslikka chaqirdi 

Videodan lavha

Videodan lavha

Ijtimoiy tarmoqlarda “Toshkentda erkak 6 yoshli qizchaga tegajogʻlik qildi” sarlavhali videoxabarlar tarqalgan edi. Ushbu holat yuzasidan Toshkent shahar sudlari matbuot xizmati ma'lumot berdi.

Xabar berilishicha, 11-oktyabr kuni jinoyat ishlari boʻyicha Yunusobod tuman sudiga Jinoyat kodeksining 119-moddasi (jinsiy ehtiyojni zoʻrlik ishlatib gʻayritabiiy usulda qondirish) 4-qismi va 129-moddasi (oʻn olti yoshga toʻlmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) 1-qismi bilan fuqaroga nisbatan boʻlgan jinoyat ishi sudya O. Hayitovning ish yurituviga kelib tushgan.

Sud muhokamasi 17-oktyabrdagi tayinlash ajrimi bilan 26-oktyabr kuniga yopiq sud majlisida koʻrish uchun tayinlanib, yopiq sud majlisida ishni koʻrish boshlangan.

Jinoyat-protsessual kodeksining 23-moddasiga binoan “gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi uning jinoyat sodir etishda aybdorligi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlangunga va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlangunga qadar aybsiz hisoblanadi”.

Shuningdek, Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasida “...sudning qonuniy kuchga kirgan qarorlari jinoyat protsessi ishtirokchilarining roziligi bilan yoki shaxsini koʻrsatmagan tarzda sudning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinishi mumkin, bundan yopiq sud majlislarida koʻrilgan ishlar boʻyicha sud qarorlari mustasno”, deb belgilab qoʻyilgan.

Shuningdek, surishtiruv yoki dastlabki tergov maʼlumotlarini surishtiruvchi, tergovchi yoki prokurorning ruxsatisiz oshkor qilish Jinoyat kodeksining 239-moddasi (surishtiruv yoki dastlabki tergov maʼlumotlarini oshkor qilish)da koʻrsatilgan jinoiy javobgarlikka tortilishga sabab boʻladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab boʻlayotgan fuqaroga nisbatan boʻlgan jinoyat ishi yopiq sud majlisida koʻrilmoqda. Sud hali oʻzining yakuniy qarorini eʼlon qilmagan. Tergov harakatlari jarayoni videotasvirlari oshkor qilinganligi esa qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishiga sabab boʻlishi va sudning ishni xolisona koʻrib chiqishiga toʻsqinlik qilish uchun oʻtkazilayotgan bosim sifatida baholanishi maʼlum qilingan.

Qoʻshimcha maʼlumot sud jarayoni yakuni boʻyicha berilishi aytildi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling