Foto: Toshkent hokimligi
Oʻzbekiston Bosh prokuraturasi "Minerva World of Knowledge" kompaniyasi asoschisi, hindistonlik tadbirkor Murari Lal Jalanning bayonotini tekshirishni boshladi. Bu haqda Bosh prokuratura Repost.uzʻga xabar berdi.
Avvalroq Minerva City asoschisi Murali Lal Jalan 2021-yil mart oyida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev uni hokimlik binosiga chaqirib, loyihalaridan birini (Lake Cityʻni) amalga oshirishdan rasman voz kechishga yoki 100 mln dollarni depozit sifatida bankka joylashtirishni aytganini ma'lum qilgandi.
Toshkent shahar maʼmuriyati Murari Lal Jalanning soʻzlarini “davlat xizmatchisini obroʻsizlantirish” deb baholagan. Hokimlik sarmoyador bayonotlarining asosliligini tekshirish va “aybdorlarni javobgarlikka tortish” uchun Bosh prokuraturaga ariza topshirishini maʼlum qilgandi.
Bosh prokuraturaga 29-noyabr kuni hokim Jahongir Ortiqxoʻjayevdan “vaziyatni oʻrganish, huquqiy baho berish va aybdorlarga qonuniy choralar koʻrish” soʻrovi bilan xat kelib tushgan.
Bosh prokuraturaning tegishli boʻlimi tomonidan oʻrganish ishlari olib borilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling