Jizzaxda qizlarni Turkiyaga fohishalikka yubormoqchi bo'lgan ayol qamaldi

U olgan qarzini toʻlolmagan, evaziga esa qizlarni yubormoqchi boʻlgan

Foto: Tez News<br>

Foto: Tez News

Jizzax viloyatida qizlarni Turkiyaga fohishalikka yubormoqchi boʻlgan ayol uch yilga qamaldi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, jizzaxlik ayol 2016-yilda Yurkiyaga ishlash uchun borgan. Oradan bir yildan koʻproq vaqt oʻtgach, Oʻzbekistonga qaytish maqsadida turk fuqarosi boʻlgan shaxsdan 1000 dollar miqdorda qarz olgan.

Turk fuqaro 2020-yilning dekabr oyida ayolga telefon qilib, undan olgan 1000 dollar qarzini soʻragan. Agar pullarni qaytarib berishga imkoni boʻlmasa, unga fohishalikka yollashi uchun qizlar yuborishi kerakligini aytgan.

Shundan soʻng, jizzaxlik ayol 2021-yil aprel oyida toʻydan qaytayotganida ikki nafar 22 yoshli qizlar bilan tanishib qolgan va ularni oilaviy sharoiti yomonligidan xabar topgan. Shuningdek, u qizlarga Turkiyada tanishlari borligi va ularni tanishining yoniga fohishalik qilish uchun yuborishi mumkinligini aytgan.

Ayol ularga Turkiyaga ketishi uchun yoʻl harajatlarini ham toʻliq toʻlab berishi, u yerda ular kuniga 300-400 dollar ishlab topishi mumkinligini aytib, ishonchiga kirgan. Maʼlum qilinishicha, qizlardan birining xorijga chiqish passporti yoʻqligi uchun uning joʻnash sanasi kechiktirilgan.

Xabarga koʻra, ayol turkiyalik tanishi yordamida 2021-yil 30-aprel kuni qizlardan biriga “Toshkent — Istanbul” yoʻnalishi boʻyicha aviachipta olishga erishgan. Shundan soʻng, u qizni aeroportga olib ketayotgan vaqtda Doʻstlik tumani hududidagi “Manas-14” yoʻl-patrul xizmati maskanida viloyat IIB TEQKB xodimlari tomonidan qoʻlga olingan.

Maʼlum qilinishicha, ayolga Jinoyat kodeksining 135-moddasi (odam savdosi) 2-qismi “b,e” bandlari bilan aybli deb topilib, 57-moddasiga (aybga iqrorlik toʻgʻrisida kelishuv tuzilgan jinoyatlar boʻyicha jazo tayinlash) asosan 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Avvalroq, Hindistonda tutqunlikda qolib ketgan oʻzbekistonlik ayollar Shavkat Mirziyoyevga yordam soʻrab murojaat yoʻllagani haqida xabar berilgan edi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling