Samarqand viloyatining Toyloq tumanida sodir boʻlgan yoʻl-transport hodisasi oqibatida haydovchi vafot etdi. Bu haqda viloyat IIB xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, voqea 22-noyabr kuni soat taxminan 17:30 da Toyloq tumani “Bogʻizogʻon” mahallasi hududida oʻtuvchi “Samarqand-S.Ayni” yoʻnalishidagi A-377 avtomobil yoʻlining 15 kmda sodir boʻlgan.
Unga koʻra, Urgut tumani “Tinchlik” mahallasida yashovchi 31 yoshli haydovchi boshqaruvida boʻlgan Spark mashinasi harakatlanib kelayotib qarama-qarshi yoʻlga chiqib ketgan. Shundan soʻng, shu yoʻnalishda harakatlanib kelayotgan Toyloq tumani “Talliota” mahallasida yashovchi 23 yoshli haydovchi boshqaruvida boʻlgan “Damas” mashinasi bilan toʻqnashib ketgan.
YTH natijasida ikkala haydovchi tan jarohati bilan tuman markaziy shifoxonasida yotqizilgan. Koʻrsatilgan muolajalarga qaramay Spark haydovchisi shifoxonada vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Toyloq tuman IIB huzuridagi Tergov boʻlinmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq, Samarqandda beshta mashina ishtirokida avariya sodir bo'lgani haqida xabar berilgan edi.