Samarqand viloyati Samarqand tumanida 26 yoshli ayol qaynonasiga achchiq qilib oʻzi va uch nafar farzandini kanalga tashlagani haqida xabar berilgan edi. Mazkur holat yuzasidan viloyat prokuraturasi qoʻshimcha maʼlumot berdi.
Qayd etilishicha, 1-noyabr kuni Samarqand tumani “Jarqishloq” mahallasida yashovchi 26 yoshli ayol va qaynonasi oʻrtasida oʻzaro janjal kelib chiqqan. Yuzaga kelgan janjal oqibatida ayol voyaga yetmagan 3 nafar farzandlari bilan birga yashash uyidan chiqib ketib, ota-onasining uyiga borgan.
Shundan soʻng, u 3-noyabr kuni voyaga yetmagan qizini onasini uyidan, oʻgʻillarini maktabgacha taʼlim muassasasidan olib chiqib, Samarqand tumani “Yangiariq” mahallasi hududidan oqib oʻtuvchi “Dargʻom” kanalining oldiga kelib, oʻzi va farzandlarini oʻldirish maqsadida suvga tashlab yuborgan.
Shundan soʻng, “Oq-amur” nomli oshxonada yollanma ishchi boʻlib ishlovchi fuqarolar tomonidan ayol hamda uning 2 nafar farzandi suvdan chiqarib olingan, biroq qutqarib olingan farzandlarining bir nafari voqea joyida vafot etgan.
Shuningdek, 13-noyabr kuni “Dargʻom” kanalining qirgʻogʻidan ayolning yana bir voyaga yetmagan farzandining jasadi topilgan.
Mazkur holat yuzasidan ayolga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam oʻldirish) 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, unga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
Holat yuzasidan viloyat IIB, viloyat Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi hamda viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasiga xizmat tekshiruvlari tayinlangan.
Hozirda jinoyat ishi yuzasidan Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling