Foto: Videodan lavha
Toshkentda ikki nafar shaxs oʻsmir qizga kuch ishlatib, uni oʻgʻirlab ketgani haqida xabar berilgan edi. Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati mazkur holat yuzasidan munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, voqea joriy yilning 24-noyabr kuni, Uchtepa tumani 22-mavzesidagi koʻp qavatli uylar oldida sodir boʻlgan. Unga koʻra, 30 yoshli fuqaro va 59 yoshli otasi “Tracker” rusumli mashinasiga 22 yoshli turmush oʻrtogʻini oʻtkazib nomaʼlum tomonga olib ketgan.
Olib borilgan tezkor surishtiruv ishlariga koʻra, qiz qonuniy turmush oʻrtogʻi bilan oilaviy kelishmovchilik sababli bir nafar farzandini turmush oʻrtogʻida qoldirib, Toshkentga ketib qolgani maʼlum boʻlgan.
Shundan soʻng, qizning turmush oʻrtogʻi uni qidirib, yuqoridagi manzildan topganligi hamda Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi oʻzining uyiga olib borganligi aniqlangan.
Holat yuzasidan Qashqadaryo viloyati IIB bilan hamkorlikda tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilmoqda. Qiz va uning oilasi bilan xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektorlari hamda psixologlar ishlamoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling