Foto: Reuters
Istanbulda joylashgan Istiqlol koʻchasida bomba oʻrnatgan shaxs qoʻlga olindi. Bu haqda Turkiya ichki ishlar vaziri Sulaymon Soylu maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, u Anqara terroristik tashkilot deb hisoblaydigan Kurdiston ishchilar partiyasi (KIP) ga aloqador, deb taxmin qilinmoqda.
“Bomba qoʻygan odam hibsga olindi. Bizga bu ogʻriqni keltirganlar yanada koʻproq azobga duchor etiladi”, — deydi Sulaymon Soylu.
Uning maʼlum qilishicha, 81 nafar jabrlanuvchining 50 nafari kasalxonadan chiqarilgan, besh kishi ogʻir darajadagi jarohatlar bilan reanimatsiyada, ikki nafar bemor ogʻir ahvolda.
Maʼlumotlarga koʻra, jabrlanganlar orasida oʻzbekistonlik bloger Islam Kaparzo ham bor. Bu haqda u oʻzining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida maʼlum qilgan. Blogerning soʻzlariga koʻra, uning jarohati halokatli emas.
Avvalroq, Turkiyaning Istanbul shahri Beyogʻlu Istiqlol koʻchasida portlash sodir boʻlgani haqida xabar berilgan edi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling