Foto: Daily Trust
Filippindagi tropik boʻron natijasida yuzaga kelgan suv toshqinlari va koʻchkilar oqibatida halok boʻlganlar soni 150 kishiga yetdi. Bu haqda Daily Trust xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, toʻfon oqibatida 128 kishi jabrlangan, 36 kishi bedarak yoʻqolgan. Shuningdek, 4 mlnga yaqin odam falokatdan jabr koʻrgan, 1,2 mlndan ortiq odam oʻz uyini tashlab ketishga majbur boʻlgan.
Halok boʻlganlarning 63 nafari janubiy Maguindanao provinsiyasidan, 33 nafari esa Kavit, Laguna, Batangas, Rizal va Keson provinsiyalari aholisidir. Yana 29 kishi Gʻarbiy Visayas mintaqasida suv toshqini, koʻchki va inshootlarning qulashi oqibatida halok boʻlgan.
Hududlarda bir necha kun davom etgan kuchli yomgʻir va Nalgae toʻfoni keltirib chiqargan kuchli shamol tufayli 15 mingdan ortiq uy vayron boʻlgan.
Qishloq xoʻjaligi va infratuzilmaga yetkazilgan zarar 5,27 mlrd peso (90,9 mln dollar) dan ortiq baholangan.
Eslatib oʻtamiz, Filippindagi “Nalgae” toʻfoni oqibatida 98 kishi halok boʻlgani, 1,8 mlndan ortiq odam jabrlangani va 4,1 mingdan ortiq uy zarar koʻrgani, shundan 689 tasi butunlay vayron boʻlgani haqida xabar berilgan edi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling