Foto: Videodan lavha
Hindiston gʻarbidagi Gujarat shtatida osma koʻprik qulashi oqibatida 141 kishi halok boʻldi. Bu haqda “NDTV” xabar beroqda.
Voqea 30-oktyabr kuni Mochchu daryosidagi Morvi koʻprigida sodir boʻlgan. Koʻprik 150 yil oldin qurilgan boʻlib, bundan ikki yil avval qayta taʼmirlash uchun yopilgan va joriy yilning 26-oktyabr kuni qayta ochilgan edi.
Koʻprik qulash vaqtida uning ustida 500 dan ortiq odam boʻlgan. Voqea oqibatida 141 kishi halok boʻlgan, 177 kishi qutqarib olingan.
“Koʻprikning qulash sabablari hozircha nomaʼlum. Voqea joyida favqulodda xizmatlar ishlamoqda”, — deyiladi xabarda.
Maʼlum qilinishicha, qutqaruv ishlariga mamlakat bosh vaziri Nadendra Modining shaxsan oʻzi boshchilik qilmoqda.
Shuningdek, u halok boʻlganlarning oilalariga 200 ming rupiy, shuningdek, jarohatlanganlarga 50 ming rupiy ajratilishini maʼlum qildi.
Eslatib o'tamiz, 26-oktyabr kuni AQShning Missuri shtatida ta'mirlanayotgan ko'prik qulab tushgan edi. Oqibatda vayronalar ostida qolgan to'rt kishining bir nafari halok bo'lgan va uch nafari turli darajadagi jarohatlari bilan shofoxonaga yotqizilgan.