Foto: Koson tumani hokimligi matbuot xizmati
Toshkentda ikki nafar nomaʼlum erkak ayolni kuch ishlatib avtomashinaga oʻtkazib, olib ketgani haqida xabar berilgandi.
Koson tumani hokimligining maʼlum qilishicha, majburan olib ketilgan ayolga himoya orderi berilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videodagi mashinaga majburan oʻtkazib olib ketilgan ayol 22 yoshda boʻlgan. Turmush oʻrtogʻi va qaynotasi uni Toshkentda koʻchada ushlab, kuch bilan mashinaga solib, Koson tumanida birga yashagan xonadoniga olib kelgan.
Holat Koson tumani hokimligi oila va xotin-qizlar boʻlimi va Ichki ishlar boʻlimi nazoratiga olinib, mazkur oila vakillari bilan profilaktik suhbat oʻtkazilgan.
Shuningdek, ayol bilan oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi raisi birinchi oʻrinbosari Ozoda Parpiboyeva shaxsan uchrashib, muloqot qilgan. Hozirda ayoldan tushuntirish xati olingan va uning eri va qaynotasiga nisbatan tergov ishlari boshlangan.
Bundan tashqari, jabrlanuvchi bilan suhbat oʻtkazilib, himoya orderi berilishi taʼminlangan va tibbiy koʻrikdan oʻtkazilgan.
Shuningdek, uning xonadoniga borib yashash sharoitlari oʻrganilgan. Hozirda tergov ishlari davom etmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling