Foto: Tez News
Fargʻona viloyatida 300 nafardan ortiq odamlarni plastik kartalaridagi pullarni yechib olgan yigit qoʻlga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Samarqand viloyati Bulungʻur tumani IIBga, 26 yoshli fuqaro ariza bilan murojaat qilib, oʻziga tegishli boʻlgan bank kartasidan 8 mln 918 ming 900 soʻm pullari nomaʼlum sababga koʻra yechib olinganligini maʼlum qilgan.
Tekshiruv harakatlari davomida, mazkur fuqaro Telegram messenjeridagi “Davrbank kredit” soxta botga kirganligi, botda “Davrbank” orqali 20 foiz onlayn mikrokredit olish imkoni kabi yolgʻon maʼlumotlarga ishonib, zararli havolaga bank kartasi maʼlumotlarini kiritganligi, soʻng pullar yechilganligi maʼlum boʻlgan.
Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida ushbu jinoyatni Fargʻona viloyatida yashovchi 23 yoshli fuqaro sodir etganligi aniqlangan.
Mazkur shaxs zararli havola yaratib, Telegram kanallariga tarqatgan holda 300 dan ortiq bank kartalarini boshqaruvini qoʻlga kiritib, kartalardagi pullarni talon-toroj qilgani maʼlum boʻlgan. Shuningdek, u mazkur pullarni bir qismini “1xBet” onlayn qimor oʻyinlariga, qolgan qismini elektron hamyonlarga oʻtkazib oʻzlashtirganligi aniqlangan.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (oʻgʻrilik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq, Navoiyda 454 kishining plastik kartalaridan pullarini o'margan jinoiy guruh qo'lga olingani haqida xabar berilgan edi.