Senat Qirgʻiziston bilan chegarani delimitatsiya qilish toʻgʻrisidagi shartnomani va Andijon suv ombori toʻgʻrisidagi bitimni ratifikatsiya qilish haqidagi qonunlarni maʼqullagani haqida xabar berilgan edi. Mazkur bitimlar yuzasidan Oliy Majlisi Senatining raisi Tanzila Norboyeva oʻz fikrini bildirdi.
“Oʻzbekiston tashqi siyosatda, avvalo, qoʻshni davlatlar bilan oʻzaro ishonch va teng manfaatlarga asoslangan hamkorlikka ustuvor ahamiyat qaratadi. Davlatlar rahbarlari, parlamentlar va hukumatlar oʻrtasidagi muloqot yangicha ijobiy mazmun bilan boyib bormoqda. Umuman Markaziy Osiyoda doʻstlik va birdamlik muhiti qaror topdi. Albatta, bu oʻz-oʻzidan boʻlayotgani yoʻq. Bularning zamirida juda katta saʼy-harakatlar yotibdi.
Muhokama qilingan mazkur ikki qonun ana shu tinimsiz mehnat va intilishning ifodasi, qolaversa, oʻzbek-qirgʻiz doʻstligi va birdamligining muhim omili deyish mumkin. Tarixan suv masalasi, yaʼni transchegaraviy daryolar, suv havzalari mintaqamiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotida hal qiluvchi omillardan biri sanalgan.
Bu borada uzoq yillar davom etgan turlicha va koʻp hollarda oʻzaro zid yondashuvlarga barham berilayotgani, hamma uchun birdek foydali yechimlar oʻrtaga tashlanayotgani, muhimi ishonch va intilish borligi barchamizni quvontirishi kerak. Shubhasiz, mazkur kelishuvlarga erishish jarayonlarida birinchi galda mamlakatimiz milliy manfaatlari ustuvorligi nuqtai nazaridan ish koʻrilgan va bu bevosita hujjatlarda ham oʻz aksini topgan.
Oʻz navbatida, mazkur kelishuvlar qoʻshni Qirgʻiz tomoni uchun ham birdek manfaatli. Ishonamanki, mazkur qonunlarning ratifikatsiya qilinishi koʻp yillik muammoli, bahsli masalalarning ijobiy hal qilinishi, davlatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik yanada rivojlanishi hamda qardosh oʻzbek va qirgʻiz elining yanada yaqinlashishida mustahkam qonuniy asos boʻlib xizmat qiladi”, — deydi Tanzila Norboyeva.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling