Foto: Tez News
Toshkent shahri Olmazor tumanida xizmat vazifasini bajarayotgan profilaktika inspektori oʻldirib ketilgani haqida xabar berilgan edi. Shundan soʻng, ayrim OAVlarda marhum haqida asoslanmagan xabarlar tarqaldi. Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati holatga aniqlik kiritdi.
Jinoyatni oʻrganish jarayonida aniqlanishicha, marhum profilaktika inspektori jabrlanuvchi ayolning chaqiruvga asosan voqea joyiga borgan. Ayol oʻzining sharʼiy nikohidagi turmush oʻrtogʻi oʻldirish bilan qoʻrqitayotganligini va unga chora koʻrishni soʻragan.
Profilaktika inspektori xabarni rasmiylashtirish maqsadida jabrlanuvchini oʻz avtomashinasida mahalla idorasida joylashgan tayanch punktga olib kelganda, ortidan shaxsiy transportida yetib kelgan ayolning eri profilaktika inspektoriga oʻzi bilan olib kelgan oshxona pichogʻi bilan hujum qilib, joniga qasd qilgan. Bu vaqtda ayol qochishga ulgurgan.
“Profilaktika inspektori oʻz hayotini qurbon qilish evaziga ayolning hayotini saqlab qolgan. Bayon etilgan holat tegishli videotasvirlarda va guvohlarning koʻrsatmalarida aks etgan. Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, gumonlanuvchining yaqinlari yoki uchinchi shaxslar tomonidan voqea tafsilotlariga turli talqin berilishi mumkin va bu maʼlumotlar albatta tekshirilib qonuniy baho beriladi.
Tergov yakunlanmagunga qadar jamoatchilik va OAVdan turli taxmin va mish-mishlardan iborat shaxslarni shaʼni va qadr-qimmatini kamsitilishiga olib keladigan axborotni tarqatmasliklarini soʻraymiz”, — deyiladi vazirlik xabarida.
Eslatib oʻtamiz, olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida IIB profilaktika inspektori hayotiga tajovuz qilgan fuqaro qoʻlga olinib, protsessual tartibda chora koʻrish uchun prokuratura organlariga topshirilgani haqiida xabar berilgan edi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling