Foto: Videodan lavha
Namanganlik deputat Muzaffar Jamolitdinovning mamlakatdagi elektr va gaz taʼminoti toʻxtatilgani haqidagi bayonoti mahalliy OAVda tarqalgan edi. Uning soʼzlariga koʻra, qamalib chiqqan odamga gaz va svet muammosining ahamiyati boʻlmaydi.
“Ijtimoiy tarmoqlarda gaz yoʻqligidan shikoyat qilayotganlarni surishtirib koʻring, birontasi qamalib chiqqan emas. Yaʼni qamalib ozodlikdan mahrum boʻlganlar ozodlik, erkinlik va tinchlikni qadriga shu darajada koʻp yetadiki, gaz svet muammosi ahamiyatsiz boʻladi”, — deydi u.
Deputat mazkur fikrlarni oʻzining Facebookʼdagi sahifasiga joylangan postda yozib qoldirgan edi. Biroq, maʼlum vaqtdan soʻng mazkur post oʻchirib yuborilgan.
Shundan soʻng ijtimoiy tarmoqlar orqali Jamolitdinov ishtirokidagi keyingi videolar tarqala boshladi. Deputat TikTok yulduzi boʻlib chiqdi: u oʻz akkauntini faol olib boradi va doimiy ravishda yangi kontent bilan boʻlishadi.
Jamolitdinovning Facebookʼdagi postiga nisbatan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev ham munosabat bildirdi.
Uning fikricha, Jamolitdinov tabiatdagi sharoitlarni qamoqxona sharoitlari bilan solishtirib, demokratik jamiyat tamoyillariga qarshi chiqqan.
“Fuqarolarni energiya taʼminotidagi muammolar haqida gapirtirmaslik, tinchlikni qadriga yetish uchun uchun ularga qamoq bilan tahdid qilish demokratik jamiyatga xos boʻlmagan uslub.
Achinarlisi, bunday bayonotlarning xalq saylagan(saylagan boʻlsa) xalq vakillaridan chiqishi hech bir qolipga sigʻmaydi.
Bu kabi dunyoqarashga ega bilim va saviyasi past, saylovchilar manfaatini himoya qilmaydigan shaxslarning deputat maqomiga erishib qolayotganligi aslida eng katta fojiamizdir”, — deydi Rasul Kusherbayev.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling