Oyog'i kombaynga kirib ketgan bemor operatsiya paytida chiroq o'chgani sababli vafot etganmidi?

Bemor operatsiyadan chiqqanidan so'ng elektr tarmog'ida uzilish sodir bo'lgan

Foto: Teznews

Foto: Teznews

Andijonda fuqaro kombaynga oyoqlari kirib ketishi oqibatida halok bo'lgani haqida xabar berilgandi. 

Ijtimoiy tarmoqlarda esa bemor operatsiya qilinayotgan paytda chiroq oʻchgani sababli halok bo'lgani aytilgan xabarlar tarqaldi.

Energetika vazirligi Andijon viloyatining Qoʻrgʻontepa tuman tibbiyot birlashmasida sodir boʻlgan oʻlim holatiga elektr taʼminotidagi uzilish sabab boʻlmaganini maʼlum qildi.

Vazirlikning maʼlum qilishicha, 10-noyabr kuni soat 21:58 dan 22:05 ga qadar (7 daqiqa) Qoʻrgʻontepa tuman tibbiyot birlashmasini elektr energiyasi bilan taʼminlovchi ikkita tarmoqdan birida uzilish sodir boʻlgan.

Andijon viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi ishchi guruhi tomonidan oʻtkazilgan dastlabki xizmat surishtiruvi natijalariga koʻra, kombaynga ikki oyogʻi bilan kirib ketib, juda ogʻir tan jarohati olgan bemorga belgilangan standartlar boʻyicha muolajalar oʻtkazilgan.

Tezkorlik bilan oʻtkazilgan jarrohlik amaliyoti yakunlangan vaqtda elektr taʼminotida uzilish boʻlmagan. Maʼlum boʻlishicha, operatsiya tugaganidan keyin bir necha daqiqa vaqt oʻtib, elektr energiyasida uzilish sodir boʻlgan.

Taʼkidlanishicha, bemorga muolajalar oʻtkazilayotgan operatsiya xonalaridagi barcha apparatlar yangi va zamonaviy boʻlib, ular elektr taʼminotida uzilish boʻlgan holatda ham 30 daqiqagacha mustaqil ishlaydi, baʼzilarining quvvati esa 4 soatgacha yetadigan qoʻshimcha elektr taʼminoti manbalariga ulangan.

“Hozirgi vaqtda isteʼmolchilarni, jumladan tibbiyot muassasalarini elektr energiyasi bilan barqaror taʼminlash yuzasidan qoʻshimcha choralar koʻrilmoqda”, — deyiladi munosabatda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling