Foto: Videodan lavha
Surxondaryoda harbiy xizmat oʻtayotgan qashqadaryolik yigit xizmat vaqtida vafot etgani haqida xabar berilgan edi. Maʼlum qilinishicha, yigitning yuragida hilpillab turuvchi tromb aniqlangan
Mudofaa vazirligi Tibbiy taʼminot boshqarmasi boshligʻi, tibbiy xizmat polkovnigi Bahodir Abdulahadovning soʻzlariga koʻra, ushbu tromb istalgan vaqtda qon-tomirlarga tiqilib qolishi va buning oqibatida toʻsatdan oʻlim holati yuz berishi mumkin boʻlgan.
Xabarga koʻra, ushbu askar ixtisoslashtirilgan davolash va tekshirish usullarini amalga oshirish uchun 11-noyabr kuni Termiz harbiy gospitalidan Toshkent shahridagi Markaziy harbiy klinik gospitalga koʻchirib oʻtkazilgan. Tekshiruvlar davomida unda yurakning oʻng boʻlmachasida hilpillab turuvchi tromb paydo boʻlgani aniqlangan.
“Men oʻzim shu askarning kasalligi boʻyicha mutaxassisman – 18 yillik ish tajribasiga ega anesteziolog-reanimatologman. Bu sohani mukammal bilaman. Bizda ishlaydigan kardiojarroh – yurak-qon tomir jarrohi tibbiyot fanlari doktori, professor Rustam Yorbekov toʻrtta klinikada ishlaydi. Jumladan, Akademik V.Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida, shu bilan birga xususiy klinikalarda, jumladan, bizda ham konsultant boʻlib faoliyat koʻrsatadilar. Askar yigit xususiy klinikada operatsiya qilinganining sababi shu.
Operatsiya stoliga olingandan keyin koʻkrak qafasini ochganda oʻsma borligi maʼlum boʻldi. Bu hosila qachon paydo boʻlganini aniq aytish qiyin. U harbiy xizmat davomida rivojlanib ketgan boʻlishi ham mumkin. Operatsiya paytida oʻsma yurak qon-tomirlariga, organizmning yuqori qismlariga oʻsib kirib, chirmashib ketgani koʻrindi, u olib tashlangandan keyin yurakka yoʻl ochildi va yurakning oʻng boʻlmachasida bemorning hayotiga xavf solib turgan tromb olib tashlandi.
Biz oʻzimiz ham bemorimizning hayotini saqlab qolishga judayam xayrixoh edik. Ahvoli yaxshilanganidan soʻng uni oʻzimizning harbiy tibbiyot muassasamizga olib kelmoqchi edik. Biroq operatsiyaning ertasiga ertalab soat sakkiz atroflarida toʻsatdan yurak faoliyati toʻxtagan. Bemorga qilingan reanimatsion tadbirlar natija bermagani sababli biologik oʻlim qayd etilgan”, — deydi Bahodir Abdulahadov.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling