Madaniyat vazirligi qariyb 16 mlrd so'mlik mashinalar yuzasidan rasmiy ma'lumot berdi

Ushbu mashinalarni mahalliy korxonalar ishlab chiqqani ma'lum bo'ldi

Foto: Madaniyat vazirligi

Foto: Madaniyat vazirligi

Madaniyat vazirligi salkam 16 mlrd so‘mga ikki dona maxsus avtomobil xarid qilgani xabar berilgandi. Vazirlik axborot xizmati rahbari Orifjon Fayziyevning ma’lumot berishicha, mazkur xarid prezident qaroridan kelib chiqqan holda amalga oshirilgan.

Ma'lum qilinishicha, “Madaniyat karvoni” uchun mo‘ljallangan, tegishli musiqa texnikasi va sahnaga ega ikki dona maxsus avtotransport vositasini xarid qilish prezidentning “Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan belgilangan.

Shundan so'ng, bunday zamonaviy avtotransport vositasini tayyorlash imkoniyati bo‘yicha xorijiy davlatlar o‘rganilgan va eng ma’quli sifatida Xitoy davlati tanlanib, vazirlik tomonidan "OMDM" va “Huayuan” kompaniyasi bilan muzokara olib borilgan. Muzokara xulosasiga ko‘ra, "OMDM" kompaniyasi tomonidan 873 ming dollar, Olmaota shahridagi “Kazakhstan musical technologies” filiali tomonidan bitta transport uchun 900 ming dollar taklifi bildirilgan.

Foto: Madaniyat vazirligi

Foto: Madaniyat vazirligi

Biroq xorijiy kompaniyalar pandemiya sababli maxsus avtotransport vositasi yil yakuniga qadar yetkazib berilishini ma‘lum qilgan. Shundan so‘ng, Madaniyat vazirligi maxsus avtotransport vositasini tayyorlash imkoniyati mavjud bo‘lgan mahalliy korxonalar bilan muloqot olib borish maqsadida “O‘zavtosanoat” AJ, “UzAvto Trailer” MChJ va “JV MAN Auto-Uzbekistan” MChJ qo‘shma korxonasiga murojaat etdi.

Ta’kidlanishicha, “Madaniyat karvoni” uchun mo‘ljallangan maxsus avtotransport vositasini Turin politexnika universiteti bilan birgalikda mukammal ishlab chiqish, tayyorlash va zarur uskunalar bilan jihozlash choralari ko‘rilib, Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzilgan.

Qo‘shimcha qilinishicha, maxsus avtomobillar “Madaniyat karvoni” tadbirlarini eng chekka manzillarda ham sifatli texnik imkoniyatlar asosida o‘tkazishga xizmat qiladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling