Toshkentdagi maktablardan birida oʻquvchilar darsni sham yorugʻida oʻtayotgani aytildi

Maktabning asosiy qismida besh kundan beri svet yo'q

Foto: Telegram / TashkentLand

Foto: Telegram / TashkentLand

Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi maktablardan birida oʻquvchilarga dars sham yorugʻida oʻtilmoqda. Holat tasvirlangan surat Telegramʻdagi TashkentLand kanalida eʼlon qilindi.

Qayd etilishicha, kanal mualliflariga tumanning “Guliston” massivida joylashgan 280-maktabdan anonim xabar kelib tushgan.

“Mana 5 kundan beri maktabning asosiy qismida elektr energiyasi yoʻq. Oʻquvchilar sham yorugʻida dars qilmoqda. Direktor qoʻldan kelgancha harakat qilyapti, lekin foydasi yoʻq. Shuningdek, issiqlik taʼminoti bilan ham muammo bor, biroq bugun sal ilidi. Balki masʼul shaxslar zudlik bilan zarur kuchlarni koʻtarishga va maktab sinflarini yorugʻlik bilan taʼminlash masalasini hal qilishga harakat qilar?”, — deyiladi murojaatda.

Ushbu holatga aniqlik kiritish maqsadida Repost.uz Xalq ta'limi vazirligi matbuot kotibi Laylo Rustamova bilan bog'landi.

"Svet oʻchgani masalasiga Xalq taʼlimi vazirligi javob bera olmaydi, Bu savol bilan Energetika vazirligiga murojaat qilganingiz maqsadga muvofiq. Dars oʻtilishiga kelsak, bolalarni darsi qolib ketmasligi uchun maktab tomonidan koʻrilgan chora bu. Svet yoʻqligi bolani taʼlim olmasligiga sabab boʻlishi mumkinmas", deydi XTV matbuot kotibi.

Shuningdek, elektr energiyasidagi uzilish murojaatda aytilganidek besh kun emas, bir kunga bo'lgani aytildi. Bunga tumandagi elektr energiya tarmog'idagi nosozliklar sabab bo'lgani qo'shimcha qlindi.

Bundan tashqari o'quvchilar dars o'tish uchun foydalangan shamlar Yongʻin xavfsiziligi boʻyicha video olishda foydalanilgan shamlar bo'lgan. 

"Lekin hozir shamlar olib qoʻyilgan foydalanmaydi, bu bolalarning xavfsizligi uchun xavf tugʻdirishi mumkin", deydi Laylo Rustamova.

Avvalroq, Energetika vaziri Taʼlim muassasalarida issiqlik taʼminotini toʻliq taʼminlash imkoniyati yaratilgani va onlayn ta'limga hojat yo'qligini ma'lum qilgani haqida xabar qilingandi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling