Foto: Tez News
Xorazm viloyati Yangibozor tumanida bir oilaning toʻqqiz aʼzosi is gazidan zaharlandi. Ularning ikki nafari vafot etgan. Bu haqda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, 8-dekabr kuni soat 08:51 larda Yangibozor FVBga tuman tibbiyot birlashmasi tez tibbiy yordam boʻlimi dispetcheridan xabar tushgan. Unga koʻra, Yangibozor tumani Bogʻolon qishlogʻida yashagan 64 yoshli fuqaro hamda uning 13 yoshli nevarasi uyida vafot etgani bildirilgan.
Olib borilgan dastlabki surishtiruvlar natijasida koʻra, voqea sodir boʻlgan xonadanda 9 nafar fuqaro boʻlgani, shulardan 2 nafari vafot etgani va qolgan 7 nafari tuman shifoxonasida tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, ularning sogʻligʻi yaxshi boʻlgani uchun uyiga ruhsat berilgani aniqlandi.
Shuningdek, 2 nafar fuqaro vafot etgani boʻyicha sud tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Surishtiruvni Yangibozor tumani prokuroturasi olib borayotgani qayd etildi.
Avvalroq, Buxoroda bir oilaning besh a'zosi is gazidan zaharlanib vafot etgani haqida xabar berilgan edi.