Andijondagi avtohalokat oqibatida halok bo'lganlar soni yana bittaga ko'paydi

Davolanayotgan 33 nafar bemoqdan bir nafari o'ta og'ir, besh nafari og'ir ahvolda

Foto: SSV

Foto: SSV

Andijonda “Isuzu” avtobusi va yuk mashinasi toʻqnashib ketishi oqibatida yirik yo'l transport hodisasi sodir bo'lgani aytilgandi.

Ushbu yoʻl-transport hodisasi oqibatida uch nafar fuqaro voqea joyida vafot etgan, 38 nafar yoʻlovchi turli jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgandi.

SSV matbuot xizmati xabar berishicha, ayni paytda Sogʻliqni saqlash vazirligi nazoratida boʻlgan ushbu bemorlardan 4 nafariga tibbiy xulosalar ijobiy boʻlgani uchun ambulator sharoitda davolanish uchun uyiga ruxsat berilgan.

Shuningdek, oʻta ogʻir ahvoldagi yana bir nafar bemor, amalga oshirilgan reanimatsion choralarga qaramasdan, vafot etgan.

Ushbu fuqaro shifoxonaga “Bosh miyaning ogʻir darajada lat yeyishi, miya oʻzagi shikastlanishi, qorin boʻshligʻi aʼzolari yopiq jarohati, jigar segmentlarining ezilib yorilishi, chap bilak suyagining ochiq sinib siljishi, oʻng boldir sohasi old yuzasi va oʻng qoʻl tirsak sohalarining 2-darajali kuyishi, 3-darajali travmatik shok” tashxisi bilan olib kelingan. Unda belgilangan standartlar boʻyicha barcha zarur amaliyotlar oʻtkazilgan.

Hozirda 33 nafar bemorda shifokorlar zarur muolajalarni davom ettirmoqda.

"Ushbu bemorlarning 1 nafari oʻta ogʻir, 5 nafari ogʻir ahvolda. Sogʻliqni saqlash vazirligi ularning holatini toʻliq nazoratga olgan boʻlib, bemorlar zarur tibbiy yordam va dori-darmonlar bilan toʻliq taʼminlangan", deyiladi xabarda.

Eslatib oʻtamiz, mazkur YTH yuzasidan Andijon viloyati IIB huzuridagi TB tomonidan jinoyat qodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligini buzish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling