Bloger va publitsist Shokir Sharipov ichki ishlar vaziri Poʻlat Bobojonov isteʼfosini talab qilib, 22-oktyabr kuni Toshkentda bir kishilik piket uyushtirgani haqida xabar berilgan edi. Maʼlum qilishicha, u Qoʻqon shahar IIB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazida 15 yoshli bolaning urib oʻldirilishi sabab piket oʻtkazishga qaror qilgan.
Shundan soʻng, 1-dekabr kuni AOKAda oʻtkazilgan matbuot anjumanida Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux Gʻiyosov IIV rahbari Poʻlat Bobojonov uning isteʼfosini talab qilib oʻtkazilgan piketdan xabardor ekanligini aytgan. Shundan soʻng IIV vaziri bloger bilan gaplashishni, uning qanday muammosi borligini aniqlash boʻyicha topshiriq bergan.
IIV matbuot kotibi Shohrux Gʻiyosovning maʼlum qilishicha, u bloger bilan gaplashish uchun “BBC-Oʻzbek” xizmati jurnalisti bilan bogʻlangan. Shokir Sharipovning qanday savollari boʻlsa javob berishini, bloger ular bilan aloqaga chiqishini aytgan. Biroq, uning soʻzlariga koʻra, Shokir Sharipov shu paytgacha bogʻlanmagan, vazirlikka nisbatan aniq savol ham qoʻymagan.
IIV matbuot kotibi Shohrux Gʻiyosov ishtirokidagi matbuot anjumanining ertasiga, 2-dekabr kuni Shokir Sharipov Facebookʼdagi sahifasi orqali IIV rahbariyatiga videomurojaat yoʻlladi.
Blogerning soʻzlariga koʻra, unga hech kim aloqaga chiqmagan, savol berishni ham taklif qilmagan. Shuningdek, bloger mazkur videoda Poʻlat Bobojonovga bir nechta savollar bilan murojaat qilgan.
“15 yoshli bola ichki ishlar idorasida urib oʻldirilganini eshitgandan keyin iztirobga tushdingizmi-yoʻqmi? Oʻsha onaning oʻrniga oʻzingizni qoʻyib koʻrdingizmi-yoʻqmi? Xayolan oʻz farzandingizni qabrga qoʻyib koʻrishga urindingizmi-yoʻqmi? Bizda xulosa shundayki, siz urinib koʻrganingiz yoʻq. Chunki ommaga chiqib, oʻz taassufingizni, iztirobingizni bildirganingiz yoʻq. Bu — muhim. Chunki aynan iztirob hissi paydo boʻlganidan keyin nimanidir oʻzgartirish kerak, islohot kerak, degan his paydo boʻladi. Shundan keyin islohot boshlanadi”, — dedi Shokir Sharipov.
Blogerning taʼkidlashicha, islohot degani, bu — velosipedni qaytadan ixtiro qilish emas.
“Koʻp davlatlar oʻz politsiyasi, ichki ishlar tizimini isloh qilgan. Faqatgina oʻsha mamlakatlardan mutaxassislarni chaqirib, xodimlarni "qonun ustuvor“, degan ruhda tarbiyalash kerak, shu, xolos. Xodimlarning qonun birinchi oʻrinda, degan tushunchasi qalbiga singishi kerak. Mana shu islohot. Hozir nima boʻlyapti? Ichki ishlar xodimlari ikkita tadbirkorlik subyektining orasiga kiryapti. Ichki ishlar xodimlari qonunlarga emas, baʼzi guruh va shaxslarga xizmat qilayotgani bot-bot uchrayapti. Kimningdir topshirigʻi bilan fermerning paxtasini tortib olib, klasterga olib borib beryapti. Ichki ishlar xodimi qandaydir noqonuniy buyruq, topshiriq keldimi, buni rad etadigan boʻlishi kerak. Ana shu toʻgʻri islohot boʻladi”, — deydi Sharipov.
Blogerning taʼkidlashicha, ichki ishlar xodimlarining muayyan shaxslar va guruhlarga xizmat qilishlari oʻta xavflidir.
“Ichki ishlar tuzilmasi xalq taʼsis etgan oʻta muhim institut. Shu bilan birga, oʻta xavfli institut. Qachon xavfli? Bu tuzilma qonunga emas, shaxslar va guruhlarga xizmat qiladigan boʻlsa, ana oʻshanda xavf paydo boʻladi. Nega? Sababi bu tuzilmaga maʼmuriy imkoniyatlar, maʼmuriy vositalar berilgan. Kerak boʻlsa qurol, qamoqxonalar berilgan. Ana shuning uchun xavf. Ichki ishlar tuzilmasining har bir xodimi oʻzi uchun qonunni ustuvor qilib olsa, ana oʻshanda xavf yoʻq. Lekin shaxslar va guruhlarga xizmat qilishi, bu — oʻta katta xavf. Bu — butun mamlakatni xavf ostiga qoʻyadigan omil. Islohot degani mana shu: har bir xodim, kerak boʻlsa, prezident noqonuniy topshiriq berganida, „men buni bajarmayman“, deydigan boʻlishi kerak. Holbuki, hozir har qanday hokim buyruq bersa, oʻshani bajaryapti, klasterlarning xizmatini qilishyapti”, — deydi u.
Shuningdek, Shokir Sharipov IIV rahbaridan lavozim kursisini boʻsatib qoʻyishini, uning oʻrniga qalbiga iztirob kiradigan odam oʻtirishi kerakligini taʼkidlagan.
“Mana mening asosiy savollarim: ichki ishlar vaziri iztirobga tushdingizmi? Iztirobga tushmagan boʻlsangiz, islohot boʻlmaydi, siz bu lavozimda oʻtirmasligingiz kerak. Boshqaga boʻshatib qoʻying. Bu yerda qalbiga iztirob kiradigan odam oʻtirishi kerak. Oʻsha onani xayolan ichiga kirib, hissini his qiladigan odam boʻlishi kerak. Oxirgi yillarda ichki ishlar tizimi idorlaridan qancha oʻlik chiqdi? Birortasidan keyin chiqib, iztirobdaman, deb gapirdingizmi? Chiqqaningiz yoʻq. Chunki iztirob qalbingizda yoʻq. Iztirob qalbda boʻlsa, yuzga chiqadi. Yuzga chiqara olmaganingiz uchun chiqmaysiz ham”, — deydi jamoatchilik faoli.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling