Bloger Ichki ishlar vaziri iste'fosini so'rab, piket uyushtirdi

Qoʻqon shahar Ichki ishlar boshqarmasiga qarashli markazda 15 yashar bolaning urib oʻldirilgani blogerni piket oʻtkazishga undagan asosiy omil boʻlgan

Bloger va publitsist Shokir Sharipov ichki ishlar vaziri Poʻlat Bobojonov isteʼfosini talab etib, Toshkentda bir kishilik piket uyushtirdi. Bu haqda “BBC - oʻzbek” xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, tizimni isloh qilish yoʻlidagi ishlar bir joyda depsinib turgani, ayniqsa, ichki ishlar binolaridan insonlarning murdasi chiqayotgani Sharipovni tashvishga solgan.

“Ichki ishlar tizimidan norozilik shaxsiy sabablar emas, fuqarolik pozitsiyasi bilan bogʻliq”, — deydi Sharipov.

Qoʻqon shahar Ichki ishlar boshqarmasiga qarashli markazda 15 yashar bolaning urib oʻldirilgani esa blogerni piket oʻtkazishga undagan asosiy omil boʻlgan.

“Men u yigitning ota-onasi tushgan holatni oʻzimda his qilishga harakat qilib koʻrdim. Yegan ovqatim tomogʻimdan oʻtmay qoldi. Shunda oʻyladimki, agar bunga hech kim jiddiy ravishda munosabat bildirmasa, bu holat har birimiz bilan yuz berishi mumkin boʻladi. Agar men bunga reaksiya bildirmasam, bu oʻzim bilan ham sodir boʻlishi mumkin”, — deydi bloger.

Uning taʼkidlashicha Ichki ishlar vazirligini isloh boʻlmayotganiga dalillar koʻp.

”Biz koʻryapmiz, Ichki ishlar ayrim shaxslarga, guruhlargagina xizmat qilyapti. Bu yerda jamiyat ham oʻz munosabatini bildirishi kerak. Agar jamiyat bunday holatlarga befarq boʻlsa, bir kun kelib ogʻir ahvolga tushib qolishi mumkin“, — deydi u.

Blogerning soʻzlariga koʻra, u shunga oʻxshash holatlarda ichki ishlar vaziri shaxsan xalq bilan muloqot qilmayotgani sababli ham uning isteʼfosini talab qilmoqda.

”15 yashar bolaning oʻlimi – bunda men emas mana shu joyda Ichki ishlar vaziri chiqib, xalqdan uzr soʻrab, sohani isloh qilolmayotganini aytib, isteʼfo berishi kerak edi. Men tushunmayman, nega masʼullarni oʻzini boshqaning oʻrniga qoʻyish koʻnikmasi yoʻq? Shu narsa meni hayron qoldiryapti. Bunaqa lavozimlarda empatiyasi kuchli, jamiyatning eng yaxshilari ishlashi kerak”, — deydi Sharipov.

Uning qoʻshimcha qilishicha, nafaqat vazir Poʻlat Bobojonov, balki u rahbarlik qilayotgan tizim ham matbuotdan, jamoatchilikdan uzoqlashib ketmoqda. Qolaversa, odamlarning oʻzi befarq boʻlgani va talab qilmayotgani uchun ham Ichki ishlar tizimidagi xatolar uchun xodimlar javobgarlikka tortilishi paysalga solib kelinmoqda.

Eslatib oʻtamiz, 16-oktyabr kuni Uchkoʻprik tumani, Sulton MFYda yashovchi 15 yoshli oʻsmir bola Yangiqoʻrgʻon qishlogʻida joylashgan “Ansor” savdo majmuasida nazoratsiz yurgani aniqlangan.

Oʻsmir savdo majmuasida oʻgʻirlik qilmoqchi boʻlganida IIB xodimlari tomonidan ushlanib, tuman boshligʻining shu kungi qarori bilan Qoʻqon shahrida joylashgan viloyat IIB JXX HPB VEIHYOKMga joylashtirilgan.

Maʼlum qilinishicha, 17-oktyabr kuni voyaga yetmagan fuqaroning sogʻligi yomonlashib, husihidan ketgani sababli Tez-tibbiy yordam xodimlari chaqirilgan. Unga tibbiy yordam koʻrsatilishiga qaramasdan shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtida vafot etgan.

Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasiga koʻra, marhumning oʻlimiga “bosh miya kalla yopiq shikasti, miya qattiq parda ostiga qon quyilishi, bosh miya moddasining lat yeyishi” sabab boʻlganligi koʻrsatilgan.

Mazkur holat yuzasidan Qoʻqon shahar prokuraturasi tomonidan 18-oktyabr kuni Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (jabrlanuvchining oʻlimiga sabab boʻlgan ogʻir tan jarohati yetkazish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Tergov harakatlari davomida, 2 nafar voyaga yetmagan tarbiyalanuvchi marhumni urib, uning oʻlimiga sabab boʻlgan tan jarohatlari yetkazgani maʼlum boʻlgan. Shu sababli, jinoyat ishi doirasida ushbu 2 nafar voyaga yetmagan tarbiyalanuvchi qamoqqa olingan.

Mazkur holat yuzasidan sobiq IIB markaz tarbiyachisi hamda navbatchilik smenasi inspektor-navbatchisi Jinoyat kodeksining 207-moddasi 3-qismi “a” bandi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan gumon qilinuvchi sifatida jalb qilinib, Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan. Ularga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling