“Jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlarni tayyorlash hamda ilmiy tadqiqotlar tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga koʻra, Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda uning filiallarida taʼlim dasturlari xalqaro reytingda yuqori boʻlgan xorijiy OTM dasturiga koʻra shakllantiriladi.
Shuningdek, 2023-2024-oʻquv yilidan boshlab Universitet va uning filiallarida bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari xalqaro standartlardan kelib chiqib maqbullashtiriladi hamda bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari joriy qilinadi.
Talabalarning oʻzlashtirgan bilimi, malaka va koʻnikmalarini amaliyotda qoʻllash darajasidan kelib chiqib, iqtidorli bitiruvchilarga sport boʻyicha hakam hamda ikkinchi toifali trener malaka toifasini belgilovchi guvohnoma beriladi.
Xususan, 2023-2024-oʻquv yilidan quyidagilar kasbiy (ijodiy) kirish imtihonlarini topshirishdan ozod qilinadi va ularga maksimal ball beriladi:
— Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sportchi faxriy unvoniga ega sportchilar;
— Xalqaro toifadagi Oʻzbekiston sport ustasi yoki xalqaro grossmeyster sport unvoniga ega sportchilar;
— Oʻzbekiston sport ustasi yoki Oʻzbekiston grossmeysteri sport unvoniga ega sportchilar;
— Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo oʻyinlari dasturiga kiritilgan sport turlari boʻyicha respublika chempionatlarida oxirgi bir yilda gʻolib (1-oʻrin) boʻlgan sportchilar.
Jismoniy tarbiya va sport yoʻnalishlarida 2023-yil 1-yanvardan Pahlavon Mahmud nomli davlat stipendiyasi joriy qilinadi.
Universitetlarda 2023-yil 1-yanvardan boshlab Kompetensiyalarni baholash markazi tashkil qilinadi.
Sportni rivojlantirish vazirligi tizimidagi sport-taʼlim va oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari, ilmiy xodimlari, trenerlari, metodistlari, boshqa xodimlari hamda bitiruvchilarining bilim va amaliy koʻnikmalari darajasini baholash, ularning pedagogik va ilmiy salohiyatini yanada oshirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish Kompetensiyalarni baholash markazining asosiy vazifalari etib belgilandi.
2023-yil 1-yanvardan boshlab Institutda “Jismoniy tarbiya va sport mashgʻulotlari nazariyasi va metodikasi” ixtisosligi boʻyicha pedagogika fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini beruvchi Ilmiy kengash tashkil qilinadi.
Qayd etilishicha, universitet va uning filiallari, Oliy sport mahorati instituti hamda Institut faoliyatining samaradorligini yanada oshirish maqsadida Oʻquv-ilmiy hamjamiyat tashkil qilinadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlar tayyorlash va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish boʻyicha takliflar bilan tanishgani haqida xabar berilgan edi.