Foto: Videodan lavha
Suriyaga borib “Islom Davlati” terroristik tashkiloti safiga qoʻshilmoqchi boʻlgan 18 yoshli qiz besh yilga qamaldi. Bu haqda OʻzA xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Toshkent shahri Yunusobod tumanida yashovchi 18 yoshli qiz 2021-yilning iyun oyida Telegramda shaxsiy accaunt ochib, ijtimoiy tarmoqlar orqali terroristik tashkilotlarning gʻoyaviy rahnamolari boʻlgan “Abdullox Zufar”, “Abdullox Buxoriy”, “Sodiq Samarqandiy” va boshqalarning maʼruzalarini tinglab, ularning taʼsiriga tushib qolgan.
U noqonuniy tashkilotlarning aʼzolari bilan muloqotga kirishadi va Suriyaga borib, u yerdagi “Islom Davlati” terroristik tashkiloti safiga qoʻshilishni maqsad qilgan. Buning uchun qiz ota-onasidan bildirmasdan xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirgan. Shuningdek, u tilla ziragini sotib, safar uchun jamadon harid qilgan, hamda unga kiyim-kechaklarini joylab, tanishining uyiga yashirib qoʻygan.
Xabarga koʻra, 2022-yilning mart oyida huquq-tartibot idoralari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida qiz qoʻlga olingan va unga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
“17 yoshimda oʻzimda din boʻyicha tugʻilgan savollarimga internetdan javob olishni xohlab, “Sodiq Samarqandiy”, “Abdullox Zufar”, “Abdullox Buxoriy” kabi daʼvatchilarni maʼruzalarini tinglab, ularni taʼsiriga tushib adashib qolganman. 2022-yilda bir qizga tilla ziragimni, kiyim-kechaklarimni berganman. Uydagilarimdan yashirib, kiyimlarimni saqlab turishini aytganman. Zirakni sotib jamadon sotib olib, kiyimlarimni solib qoʻygan, pullarni qolganiga yaqinlarimdan yashirincha qizil pasport olganman. 26-mart kuni mamlakatdan chiqib ketmoqchi edim, lekin 25-martda qoʻlga olindim. Qilgan ishimdan chin dildan pushaymonman”, — deydi ayblanuvchi
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning ekspertiza xulosasiga koʻra, qizning uyali telefoni xotirasidagi materiallar orasida “Tavhid va jihod katibasi”, “Islom jihodi ittihodi” terroristik tashkilotlariga tegishli hamda aqidaparastlik gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan maʼlumotlar mavjudligi aniqlangan. Maʼlumot uchun, ularni Oʻzbekiston hududiga olib kirish, tayyorlash, tarqatish yoxud namoyish etish taqiqlangan.
Sud hukmiga koʻra, mazkur fuqaro Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan aybli deb topilgan va unga nisbatan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Avvalroq, Xorazmda terroristik tashkilot safiga qo'shilmoqchi bo'lgani aytilayotgan 23 yoshli ayol ushlangani haqida xabar berilgan edi.