Foto: Surxondaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi
Surxondaryo viloyati Boysun tumanida 51 tup daraxt noqonuniy kesib ketilgani haqida xabar berilgan edi. Viloyat prokuraturasi matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Qayd etilishicha, viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi maʼsul xodimlari tomonidan Boysun davlat oʻrmon xoʻjaligi “Machay” oʻrmon boʻlimi 5-aylanma 17-kvartalida tekshiruv olib borilgan.
Foto: Surxondaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi
Tekshiruvlar davomida aniqlanishicha, qizil kitobga kiritilgan “Zarafshon archasi”, “Shumtol”, “Uchkad” va “zarang” nomli jami 38 tup daraxtlar shikastlantirilganligi oqibatida oʻsimlik dunyosiga jami 560 mln 550 ming soʻmlik modiy zarar yetkazilgani boʻyicha xulosa berilgan.
Foto: Surxondaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi
Mazkur holat yuzasidan 12-dekabr kuni Boysun tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 202-moddasi 3-qismi “j” bandi (hayvonot yoki oʻsimlik dunyosidan foydalanish tartibini buzish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling