Foto: Tez News
Toshkent viloyati Chinoz tumanida er-xotin va ularning uch oylik chaqalogʻi is gazidan zaharlanib vafot etdi. Bu haqda “Repost.uz”ga Bosh prokuratura matbuot xizmati maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, 4-dekabr kuni soat taxminan 07:00 larda Chinoz tumani “Xoʻja” MFY Istiqlol koʻchasi 4-uyda yashovchi 28 yoshli fuqaro, uning 20 yoshli turmush oʻrtogʻi va uch oylik farzandi yashash xonadonining yotoqxona qismida uxlayotgan vaqtida, is gazidan zaharlanib vafot etgan.
“Chinoztumangaz” gaz taʼminoti boʻlimining maʼlumotnomasiga koʻra, 3-dekabrda mazkur xonadon foydalanilgan tabiiy gazdan 7,5 mln soʻm qarzi sabab uzib qoʻyilgan. Ammo, tekshiruvlar natijasida xonadan egasi oʻzboshimchalik bilan tarmoqqa ulanib, tabiiy gazdan foydalanib kelganligi maʼlum boʻlgan.
Holat yuzasidan tayinlangan sud-tibbiyot ekspertizasining dastlabki maʼlumotnomasiga koʻra, marhumlarning oʻlimiga yonib ulgurmagan is gazdan zaharlanish oqibatida, oʻtkir yurak qon tomir va oʻpka-nafas yetishmovchiligi natijasida sodir boʻlishi mumkinligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq, Kattaqoʻrgʻonda ota va voyaga yetmagan qizi, shuningdek, Farg'onada uch kunlik kelin-kuyov is gazidan zaharlanib vafot etgani haqida xabar berilgan edi.