Senat saytini 14 yoshli bolalar emas, boshqa xaker buzgani ma'lum bo'ldi

U qilgan ishi aslida jinoyat ekanini bilmagan

Foto: BBC<br>

Foto: BBC

Oliy Majlis Senatining rasmiy veb-sayti 2-noyabr kuni buzib kirilgan edi. Shundan soʻng bu hujumni Marsh Golden deb nomlangan 14 yoshli bolalardan iborat guruh amalga oshirgani aniqlandi. Kiberxavfsizlik markazining maʼlum qilishicha, aybini tan olgan guruh asoschisining bu ishga umuman aloqasi yoʻq, bu hujumni aslida boshqa xaker uyushtirgan.

Qayd etilishicha, Senatning rasmiy veb-saytiga hujum qilgan fuqaro Namangan viloyati Norin tumanida 3-noyabr kuni huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan qoʻlga olingan.

“Saytning zaifliklari borligi unga yaqinda hujum uyushtirilishi haqida 28-oktyabr kuni ogohlantirish yuborganman. Lekin kamchiliklar bartaraf etilmagan va menga javob qaytarishmagan. Shu sababdan men bu ishni amalga oshirishga qaror qildim. Bu ishim aslida jinoyat ekanligini bilmagandim”, — deydi u.

Shuningdek, u televideniye orqali oʻzini Marsh Golden guruhining boshligʻi deb tanishtirgan bolani bu ishga umuman aloqasi yoʻq ekanligini taʼkidlagan.

”Bu guruh egasi ham, asoschisi ham men. Telegram kanali ham menga tegishli. Guruhning nomini esa Eminemning qoʻshigʻidan ilhomlanib oʻylab topganman“, – deydi yigit.

Yigitning otasi bu ishlardan xabari yoʻqligi, oʻglining qilgan ishi uchun hammadan uzr soʻrashini aytgan.

”Oʻgʻlimga kompyuterni 2022-yilda olib berganman. U turli dasturlarga qiziqadi. Keyin 3-noyabr kuni uyimizga soha xodimlari kelib, Senatning saytiga oʻgʻlim hujum qilganini, uning kompyuterini koʻrib, buni tasdiqlashlarini aytishdi. Keyinchalik aniqlanishicha bu ishni chindan ham oʻgʻlim qilgan ekan. Men hammadan uzr soʻrayman. Boshqa ota-onalarga ham farzandlari tarbiyasiga eʼtiborli boʻlishini soʻrayman", – deydi yigitning otasi.

Maʼlum qilinishicha, hozirda yigʻilgan daliliy ashyolar yuzasidan huquqiy baho berish maqsadida ekspertiza guruhi tayinlangan. Mazkur holat yuzasidan surishtiruv tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling