"Agar shu bolaning hayotini saqlab qolish uchun kerak bo'lsa, men hech ikkilanmay, o'z lavozimimdan voz kechardim" — Ichki ishlar vaziri o'rinbosari IIB binosida 15 yoshli o'smir vafot etgani haqida

Bu voqea tizimning kechirilmas xatosi boʻldi deya taʼkidlaydi vazir oʻrinbosari

Foto: Kun.uz

Foto: Kun.uz

Fargʻona viloyatining Qoʻqon shahridagi IIB binosida 15 yoshli bola vafot etgani haqida xabar berilgan edi. Ushbu hodisa jamoatchilikda koʻplab muhokamalarga sabab boʻldi.

Mazkur holat yuzasidan Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, polkovnik Bekmurod Abdullayev munosabat bildirdi. Bu haqda OʻzA xabar bermoqda.

"Bir norasidani voyaga yetkazish qancha mashaqqat talab etadi?! Eslasam, hamon yuragim ogʻriydi. Bu holat haqiqiy sovuqqonlik boʻldi. Xatoga yoʻl qoʻygan xodimlar qamoqqa olindi. Oʻzim boshchiligimda attestatsiya komissiyasi tashkil etildi. Xodimlar toʻliq shahodatlashdan oʻtadi.

Tan olaman, bu voqea tizimning kechirilmas xatosi boʻldi. Bir yil oldin Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan “Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazlari toʻgʻrisida”gi nizomni ishlab chiqishda bosh qosh boʻlganmiz. Masʼuliyatni boʻynimizga olganmiz. Prezidentga mazkur tizimni “ipidan ignasigacha” toʻgʻri tashkil etish uchun soʻz berganmiz. Prezident oldida ham uyatlimiz.

Ishoning, agar shu bolaning hayotini saqlab qolish uchun kerak boʻlsa, men hech ikkilanmay, oʻz lavozimimdan voz kechardim, – deydi Bekmurod Abdullayev.

Eslatib oʻtamiz, 16-oktyabr kuni Uchkoʻprik tumani, Sulton MFYda yashovchi 15 yoshli oʻsmir bola Yangiqoʻrgʻon qishlogʻida joylashgan “Ansor” savdo majmuasida nazoratsiz yurgani aniqlangan.

Oʻsmir savdo majmuasida oʻgʻirlik qilmoqchi boʻlganida IIB xodimlari tomonidan ushlanib, tuman boshligʻining shu kungi qarori bilan Qoʻqon shahrida joylashgan viloyat IIB JXX HPB VEIHYOKMga joylashtirilgan.

Maʼlum qilinishicha, 17-oktyabr kuni voyaga yetmagan fuqaroning sogʻligi yomonlashib, husihidan ketgani sababli Tez-tibbiy yordam xodimlari chaqirilgan. Unga tibbiy yordam koʻrsatilishiga qaramasdan shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtida vafot etgan.

Olib borilgan tergov mobaynida ikki nafar voyaga yetmagan tarbiyalanuvchi marhumni urib, uning oʻlimiga sabab boʻlgan tan jarohatlari yetkazishgani maʼlum boʻlgan va ular qamoqqa olingan.

Shuningdek, voqea sodir boʻlgan kunda navbatchilik qilgan 2 nafar IIO xodimi tarbiyalanuvchilarni nazoratsiz qoldirib, janjalni oldini olmagani uchun IIO safidan boʻshatilib, xodimlarga nisbatan toʻplangan hujjatlar qonuniy chora koʻrishlik uchun viloyat prokuraturasiga taqdim etilgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling